Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 9-12 mart kunlari poytaxtimizda sinxron suzish bo‘yicha murabbiylar uchun seminar tashkil etildi. O‘zbekiston suzish federatsiyasi hamda Butunjahon suzish federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminarda mamlakatimizda sinxron suzish bo‘yicha faoliyat olib borayotgan bir guruh murabbiylar nazariy va amaliy bilimlarini yana-da oshirdilar.
Butunjahon suzish federatsiyasi eksperti Genadius Sokolovas seminar ishtirokchilariga yuqori mahoratga ega bo‘lgan sportchilarga mavsumiy tayyorgarlik rejalarini ishlab chiqish va uzoq muddat olib boriladigan mashg‘ulotlar orqali sportchilar mahoratini toblab borish kabi mavzularda maʼruzalar qildi.
“Mavsumiy tayyorgarlik rejasini to‘g‘ri tashkil etish va yangi texnologiyalardan samarali foydalanish orqali yuqori natijalarga erishish mumkin. Hozirda men ishlab chiqqan dasturdan dunyoning ko‘plab davlatlarida murabbiylar foydalanishyapti. Albatta, bundan juda xursandman. Umid qilamanki, ushbu dastur sportchilarning kelgusidagi natijalarini o‘sib borishiga xizmat qiladi”, - deydi Gennadius Sokolovas.
To‘rt kunlik seminar yakuniga ko‘ra o‘z bilim va ko‘nikmalarini orttirgan murabbiylarga maxsus sertifikatlar topshirildi.