Home/Press/Maqolalar/Afsonaviy sportchi Maykl Felps haqida nimalarni bilamiz?

Afsonaviy sportchi Maykl Felps haqida nimalarni bilamiz?

← Oldingi Keyingi →
0
125

O‘zbekiston suzish federatsiyasi suv sporti turlari bo‘yicha dunyo sporti yulduzlarining xayoti va professional faoliyati davomida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida yaqindan tanishtirishda davom etadi. Bugungi qahramonimiz Olimpiada tarixida eng ko‘p chempion bo‘lgan amerikalik suzuvchi Maykl Felps bo‘ladi.

Maykl Fred Felps II  1985 yilning 30 iyun kuni Baltimor shahrida maktab direktori Debora Syu Devisson va futbolchi Maykl Fred Felps oilasida tavallud topgan.

Bu oilada Xillari va Uitni ismli qizlar ham voyaga yetgan va ular suzish bilan shug‘ullanishgan. Maykl ham 7 yoshga to‘lganida opa-singillari kabi suzish to‘garagiga qatnay boshlaydi.

GettyImages-2415361

Oradan uch yil o‘tgach 10 yoshli Felps o‘z yosh guruhida rekord ko‘rsatkichni qayd etadi va murabbiy Bob Boumanning nazariga tushadi. Shundan so‘ng uning birin-ketin zafarli onlari boshlanadi.

Maykl 2000 yili Sidney Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritganida endigina 15 yoshga to‘lgan o‘smir edi. O‘zining birinchi olimpiadasida u 200 metr masofaga batterflyay usulida suzish musobaqasida qatnashib, 5-o‘rinni egallaydi. Bu yosh sportchi uchun yaxshi ko‘rsatkich edi.

Oradan bir yil o‘tmay, yaʼni 2001 yilning bahorida Felps 200 metrga batterflyay usulida suzishda jahon rekordini yangilaydi va uning nomi eng yosh rekordchi sifatida tarix sahifalariga muhrlanadi.

GettyImages-82234544

2003 yilga kelib 17 yoshli Maykl Felps oz emas, ko‘p emas 5 ta jahon rekordini o‘rnatdi. Kelasi yili Gretsiya poytaxti Afina shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida esa u bir yo‘la 8 medalni qo‘lga kiritdi. Shundan oltitasi oltin, qolgan ikkitasi  bronza medallari edi.

2004 yilning dekabr oyida Felps ustozi bilan Michiganga ko‘chib o‘tadi va mahalliy Universitetda sport menejmenti bo‘yicha tahsil ola boshlaydi.

2007 yilgi jahon chempionatida Felps 7 marotaba shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, 5 bor jahon rekordini o‘rnatdi.   Shundan so‘ng Felps o‘z oldiga hamyurti Maykl Spisning 1972 yilgi olimpiadada o‘rnatgan rekordini yangilashni maqsad qiladi. O‘shanda Spis 7 ta oltin medalga sazovor bo‘lgan edi.

GettyImages-2433629

Maqsadi borning manzili oydin bo‘ladi deyishadi. Maykl Felps “Pekin-2008” Olimpiya o‘yinlarida o‘zi ishtirok etgan barcha masofalarda g‘alaba qozonib, 8 marta Olimpiada chempioni bo‘ladi. Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng u Olimpiya o‘yinlari tarixidagi eng ko‘p unvonga sazovor bo‘lgan sportchilardan biriga aylandi.

“Pekin-2008” o‘yinlaridan so‘ng Maykl katta sportdan ketishga qaror qiladi. Ammo biroz muddat o‘tib u o‘z qarorini o‘zgartiradi.

2012 yili London shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiadada qahramonimiz 4 ta oltin va 2 ta kumush medalga sazovor bo‘ladi va Olimpiada medallarini qo‘lga kiritish borasida rossiyalik gimnastikachi Larisa Latininadan o‘zib ketadi.

20180627164732-4175

Oradan to‘rt yil o‘tgach Maykl Felps o‘zining beshinchi olimpiadasida qatnashadi. Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan eng yirik sport anjumanida Felps 5 ta oltin va 1 ta kumush medalni o‘z kolleksiyasiga qo‘shib qo‘ydi.

Shu tariqa, besh bor yozgi olimpiya o‘yinlarida qatnashgan Maykl Felps – 23 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari u 26 marta jahon chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘lib, ko‘p bora dunyo rekordlarini yangilagan. Tabiiyki, bunday natija bilan dunyoning hech bir sportchisi maqtana olmaydi. “Rio-2016” o‘yinlaridan so‘ng afsonaviy sportchi katta sportdan ketishini maʼlum qildi.

Hozirda Maykl Felps turmush o‘rtog‘i, fotomodel Nikol Jonson bilan uchta farzandni voyaga yetkazmoqda.

Creative Commons Attribution 4.0 International
Сайтдаги барча материаллардан қуйидаги лицензия бўйича фойдаланиш мумкин: Creative Commons Attribution 4.0 International.
Bizning joylashuvimiz:
O'zbekiston Respublikasi, Toshkent sh. 100096, Chilonzor 7-mavze, Oq-tepa qayilishi
Biz bilan yanada yaqinroq boling
BIz bilan boglaning
это поле обязательно для заполнения
Телефон:*
Спасибо! Форма отправлена