Bugun poytaxtimizdagi “Saxovat sport serviz” suzish havzasida sinxron suzish bo‘yicha 2008 yilda tug‘ilgan va undan katta yoshdagi sportchilar o‘rtasida mamlakat chempionati bahslariga start berildi.
Haqiqiy bayramona ruxda tashkil etilgan ochilish tantanalarida so‘zga chiqqanlar sportning ushbu turi yurtimizda yil sayin rivojlanib, ommaviylik darajasi ortib borayotganligi, bu esa o‘z navbatida iqtidorlar safi kengayishi va terma jamoalarda raqobat muxiti ortishi xizmat qilayotganligini mamnuniyat bilan taʼkidlab, barcha ishtirokchilarga bo‘lajak bahslarda omad va zafarlar tilashdi.
Shundan so‘ng musobaqalarga start berildi. Bu yilgi O‘zbekiston chempionatida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Andijon, Samarqand, Buxoro viloyatlaridan kelgan jami 64 nafar sportchi sovrinli o‘rinlar uchun bahs yuritmoqda.
“O‘zbekiston chempionatida hududlarda saralash bahslaridan muvaffaqiyatli o‘tgan sportchilar ishtirok etmoqda. Bu ham o‘z navbatida har bir yo‘nalishda raqobat muhitini yana-da oshishiga xizmat qiladi. Umid qilamanki, bu yilgi chempionatda ham yangidan-yangi nomlar kashf etiladi. Xabaringiz bor, joriy yilda biz qator nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etamiz. Bo‘lajak musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarning aksariyati bugun boshlangan O‘zbekiston chempionati orqali saralab olinadi. O‘ylaymanki, sovrinli o‘rinlar uchun kurash o‘ta murosasiz ruxda kechadi. Yana bir jixatga to‘xtalib o‘tsam. Muxlislarimiz uchun bir qator yangi dasturlarni tayyorlab qo‘yganmiz. O‘zbekiston chempionatida ularni namoyish etamiz. Umid qilamanki, qizlarimizning chiqishlari muxlislarga manzur bo‘ladi”, - deydi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Dinara Ibragimova.
O‘zbekiston chempionatining birinchi kuni sinxron suzishning to‘rtta yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi. Mamlakat chempionati bahslari 4 mart kuni yakuniga yetadi.