Sinxron suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 16-18 mart kunlari Markeme shahrida o‘tkaziladigan Jahon kubogining birinchi bosqichida ishtirok etish uchun Kanada davlatiga jo‘nab ketdi.
Tarkibdan Diana Onkes, Ziyodaxon Toshxo‘jayeva hamda Anna Vashenko joy olishgan. So‘nggi yillarda xalqaro maydonlarda tashkil etilayotgan ko‘plab nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan bu uchlik endi Jahon kubogi bosqichida bahslarga kirishadi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Dinara Ibragimovaning so‘zlariga ko‘ra, terma jamoa aʼzolari bo‘lajak musobaqalarga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan va qizlarimiz ko‘tarinki kayfiyatda Markeme shahriga yo‘l olishgan.
Jahon kubogining birinchi bosqichida hamyurtlarimiz erkin va texnik duet musobaqasida o‘z mahoratlarini namoyish etishadi.
Biz esa o‘z oldiga doimo yuqori maqsadlarni qo‘yadigan sportchilarimizga bo‘lajak musobaqada ham omad va zafarlar tilab qolamiz.