Urganch shahrida suzish bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida mamlakat chempionatiga start berildi. Mazkur musobaqada Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlaridan kelgan besh yuz nafardan ziyod sportchilar uchta yosh guruhiga bo‘lingan holda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishyapti.
Haqiqiy bayramona ruxda tashkil etilgan ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar sportning ushbu turi yurtimizda yil sayin rivojlanib, ommaviylik darajasi ortib borayotganligini mamnuniyat bilan taʼkidlab, barcha ishtirokchilarga bo‘lajak musobaqalarda omad va zafarlar tilashdi.
Shundan so‘ng bahslar boshlandi. Bugun bo‘lib o‘tgan birinchi kungi bahslarda har uchchala yosh guruhda ham 100 va 1500 metr masofaga erkin, 200 metrga batterflyay hamda 4x100 metr masofaga kompleks usulda suzish bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Qizg‘in kechgan musobaqalar yakuniga ko‘ra 11 yosh va undan kichik bo‘lgan sportchilar o‘rtasida 200 metrga batterflyay usulida suzishda qizlar orasida toshkentlik Mubina Botirova, o‘g‘il bolalar o‘rtasida esa Suv sporti turlariga qarashli Respublika oliy sport mahorati maktabi vakili Alan Zinnatov oltin medalga sazovor bo‘ldi.
1500 metr masofaga erkin usulda suzishda qizlar orasida namanganlik Samira Saidova, o‘smirlar o‘rtasida esa Suv sporti turlariga qarashli Respublika oliy sport mahorati maktabi vakili Roman Petrovin marraga birinchi bo‘lib suzib kelishdi.
4x100 metr masofaga kompleks usulda suzishda Farg‘ona viloyati jamoasi birinchi o‘rinni egalladi.
12-13 yoshli sportchilar guruhida 200 metrga batterflyay usulida suzishda buxorolik Rayxona Nizomova qizlar musobaqasida, samarqandlik Ivan Lutsev esa o‘smirlar o‘rtasidagi musobaqada g‘olib bo‘ldi.
1500 metr masofaga erkin usulda suzishda Toshkent shahri jamoasi aʼzolari Aliya Latipova hamda Platon Voronovskiy o‘z guruhlarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilishdi.
4x100 metrga kompleks suzishda Toshkent shahri jamoasi birinchi o‘rinni band etdi.
14-15 yoshli sportchilar guruhida bo‘lib o‘tgan musobaqalar yana-da murosasiz ruxda kechdi. Qizg‘in kechgan musobaqalarning yakunlariga ko‘ra 100 metr masofaga erkin usulda suzishda o‘g‘il bolalar orasida buxorolik Shohruh Atoyev, qizlar o‘rtasida esa Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchisi Parizod Abdukarimova O‘zbekiston chempioni bo‘lishdi.
200 metrga batterflyay usulida suzishda toshkentlik Munora Kenjayeva qizlar orasida, namanganlik Muhammadamin Rahmatullayev esa o‘smirlar orasida tengsiz bo‘ldi.
1500 metr masofaga erkin usulda suzishda qizlar orasida Navoiy viloyati vakilasi Feruza Xazratova, o‘g‘il bolalar orasida esa namanganlik Bunyod Baxtiyorov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
4x100 metrga kompleks suzishda Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi jamoasi g‘oliblikka erishdi.
Shu tariqa, suzish bo‘yicha o‘smir-qizlar o‘rtasida boshlangan O‘zbekiston chempionatining birinchi kungi bahslari yakuniga yetdi. Musobaqalar so‘nggida barcha g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilar tomonidan taʼsis etilgan medal va diplomlar tantanali suratda topshirildi.
Mamlakat chempionati bahslari 18 martga qadar davom etadi.